Arab bahori — 2010–2012 yillar davomida Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi bir qator arab mamlakatlarida yuz bergan ommaviy noroziliklar va siyosiy qo‘zg‘olonlar to‘lqinidir.
Bu harakatlar xalqning uzoq yillar davomida to‘plangan noroziliklari sabab boshlangan bo‘lib, maqsad hukumatdagi korrupsiya, avtoritar boshqaruv, iqtisodiy qiyinchiliklar va siyosiy erkinlikning cheklanishiga qarshi chiqish edi.Arab bahorining boshlanishi Tunisda sodir bo‘lgan voqea bilan bog‘liq. 2010 yil dekabr oyida tunislik yosh savdogar Muhammad Buozi o‘ziga nisbatan adolatsizlik va korrupsiyadan norozilik sifatida o‘zini yoqib yubordi. Bu holat butun mamlakat bo‘ylab katta noroziliklarga sabab bo‘ldi va natijada Tunis prezidenti Zayn al-Abidin bin Ali 23 yillik hokimiyatdan ag‘darildi. Shu tariqa Arab bahori boshqa davlatlarga ham tarqaldi.
Misrda ham katta namoyishlar boshlandi. 2011 yilda Qohiradagi mashhur Tahrir maydonida millionlab odamlar yig‘ilib, prezident Husni Muborakning iste’fosini talab qildi. Ko‘p o‘tmay Muborak iste’foga chiqdi va mamlakatda o‘zgarishlar davri boshlandi. Liviya Arab bahorining eng keskin kechgan davlatlaridan biri bo‘ldi. Bu yerda namoyishlar qurolli to‘qnashuvga aylandi va NATOning harbiy aralashuvi bilan ichki urush kuchayib ketdi. 42 yil davomida hokimiyatda bo‘lgan Muammar Kaddafiy ag‘darildi va o‘ldirildi. Shundan so‘ng Liviya uzoq davom etayotgan siyosiy beqarorlikka yuz tutdi.
Suriya Arab bahorining eng og‘ir oqibatlarga olib kelgan hududi bo‘ldi. Dastlab tinch namoyishlar sifatida boshlangan jarayon tez orada keng ko‘lamli ichki urushga aylandi. Bu mojaro haligacha davom etib kelmoqda va millionlab odamning uyidan ko‘chishiga, yuz minglab qurbonlar bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Yamanda ham noroziliklar prezident Ali Abdulloh Solihning iste’fosi bilan yakunlandi, biroq mamlakat keyinchalik fuqarolar urushi boshlangan joyga aylandi.
Arab bahorining yuzaga kelishiga bir nechta muhim omillar sabab bo‘lgan: uzoq yillar davom etgan avtoritar boshqaruv, keng tarqalgan korrupsiya, yuqori ishsizlik, ayniqsa yoshlar orasida, iqtisodiy tengsizlik va siyosiy erkinliklarning cheklanganligi. Bu omillar ko‘plab davlatlarda xalqni o‘zgarish talab qilib ko‘chaga chiqishga majbur qildi.
Mani ko'pdan beri o'ylantirgan savollarga javob oldim zo'r.
ReplyDelete