Hozirgi kunda energetik ichimliklar yoshlar orasida juda mashhur bo‘lib qoldi. Ayniqsa talaba bo‘lsin, maktab o‘quvchisi bo‘lsin, ko‘p yoshlar charchaganda yoki uxlamay dars qilish kerak bo‘lganda shu ichimliklarga tayanib qolishadi. Do‘konlarga kiradigan bo‘lsak, rangli, jozibali qutilarda turgan energetiklar ko‘zni tortadi. Ba’zi yoshlar ularni moda bo‘lgani uchun ham ichishadi.
Energetik ichimlikning eng asosiy o‘rni — uyquni qochirish va energiya berish deb o‘ylashadi. Masalan, kechqurun imtihonga tayyorlanayotgan talaba charchaganida, “buni ichsam ko‘zim ochilib, darsni yakunlayman”, deb o‘ylaydi. Ba’zida esa ertalab erta turib darsga borish uchun ichishadi. Ayrimlar sport zaliga borishdan oldin ichadi, “kuchim oshadi”, deb o‘ylaydi.
Yoshlar orasida energetik ichimliklar soxta “quvvat manbasi” bo‘lib qolgan. Lekin ko‘pchilik ularning ko‘p ichilsa zararli ekanligini yaxshi tushunmaydi. Ba’zilar esa zararini bilsa ham, baribir ichaveradi. Chunki o‘zini tezda tetik sezishni xohlaydi yoki do‘stlari bilan birga o‘tirganda o‘zini “ulg‘ayganday” ko‘rsatmoqchi bo‘ladi.
Hozir ko‘cha-kuyda, universitet yonida yoki hatto maktab atrofida ham energetik ichimliklarni ko‘rish juda oson. Yoshlar buni oddiy ichimlik deb o‘ylashadi. Ayrimlari hatto suv o‘rnida ichadi. Ba’zan darsda uxlab qolmaslik uchun, ba’zan o‘yin o‘ynayotganda hushyor turish uchun ichishadi.
Shunday bo‘lsa ham, energetik ichimliklar hali-hamon yoshlar hayotida katta o‘rin egallab turibdi. Yoshlar o‘zlarini charchoqdan qutqarmoqchi bo‘lishadi, lekin aslida bu ichimliklar faqat vaqtinchalik kuch beradi. Charchoq ketmaydi, faqat ustidan “berkitiladi”.
Ba’zi yoshlar esa energetik ichimlikni shunchaki reklamalar va dizayni sabab tanlashadi. Quti chiroyli, rang-barang, ustida kuch yoki tezlikni bildiradigan rasm bo‘ladi. Bu ham yoshlarni o‘ziga tortadi.
Xulosa qilib aytganda, energetik ichimliklar yoshlar hayotida “tez kuch beradigan do‘st” sifatida ko‘rinadi. Ammo yoshlar ko‘pincha ularning ichida nimalar borligi, qancha ichish mumkinligi yoki ko‘p ichilsa nimaga olib kelishini unuta boshlashadi. Shuning uchun yoshlar charchoqdan qutulishning sog‘lom yo‘llarini tanlagani yaxshi bo‘lardi, deb o‘ylayman.



Comments
Post a Comment