Qadimgi Yunoniston tarixi, madaniyati va diniy qarashlari bugungi kunda ham juda katta qiziqish uyg‘otadi. Ayniqsa, yunonlarning xudolari va ular bilan bog‘liq afsonalari qadimgi odamlarning dunyoni qanday tasavvur qilganini tushunishda juda muhimdir. Men ushbu postimda qadimgi yunon xudolari, ularning vazifalari va o‘sha davrdagi jamiyat hayotidagi o‘rni haqida talaba sifatida o‘rganganlarimni yoritib bermoqchiman.
Qadimgi yunonlar uchun xudolar hayotning barcha tomonlarini boshqaruvchi kuch sifatida qabul qilingan. Ular Olim tog‘ida yashagan deb hisoblangan va har birining o‘ziga xos vazifasi, xulqi, xarakteri bo‘lgan. Eng mashhur va eng qudratli xudo — Zevs, u osmon va momaqaldiroq xudosi bo‘lgan. Zevs yunon mifologiyasida adolatni ta’minlovchi kuch sifatida tasvirlangan bo‘lsa-da, uning o‘zi ham ba’zan turli mojarolar markazida turadi. Bu esa miflarni yanada hayotiy va yodda qoladigan qiladi.
Zevsning rafiqasi — Gera, nikoh va oilaning homiysi hisoblanadi. U ko‘pincha rashkchi va qattiqqo‘l obrazda beriladi. Menimcha, Gera obrazi qadimgi yunon jamiyatida oila qadri qanchalik muhim bo‘lganini ko‘rsatadi.
Afina — donolik, aql, fan va strategiya ma’budasi. U shaharlarni himoya qiluvchi ma’buda sifatida ham tanilgan. Afina shahrining aynan unga bag‘ishlab nomlanishi ham bejiz emas. Afina obrazi orqali qadimgi yunonlarning bilimga bo‘lgan hurmati, fikrlashni qadrlashi yaqqol namoyon bo‘ladi. Talaba sifatida men uchun aynan Afina obrazi juda qiziqarli bo‘ldi, chunki ilm bilan bog‘liq har qanday mavzu o‘ziga tortadi.
Ares — urush va jang xudosi. U kuch, tajovuz, jasorat timsoli bo‘lsa-da, afsonalarda ko‘pincha o‘ylamay ish qiluvchi obrazda beriladi. Bu orqali yunonlar kuchning o‘zi yetarli emasligini, aql ham kerakligini ta’kidlagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.
Apollon — nur, musiqa, san’at va bashorat xudosi. Delfidagi mashhur orakul ham Apollonga bag‘ishlangan bo‘lgan. Qadimgi dunyoda Delfi eng muhim diniy markazlardan biri bo‘lib, ko‘plab hukmdorlar ham u yerdan maslahat olgan. Apollon obrazi yunonlarning san’at va madaniyatga qanchalik ahamiyat berganini ko‘rsatadi.
Afrodita — muhabbat va go‘zallik ma’budasi. U bilan bog‘liq afsonalar juda ko‘p va ular qadimgi yunonlarning go‘zallikka bo‘lgan qarashlarini aks ettiradi. Miflarda Afrodita dengiz ko‘piklaridan tug‘ilgan deyilgan, bu esa obrazni yanada ramziy va nafis qiladi.
Umuman olganda, qadimgi yunonlarning xudolari faqat ilohiy mavjudot emas, balki insonning hayoti, hissiyotlari va tabiat hodisalarini tushuntirish uchun yaratilgan ramziy obrazlar bo‘lgan. Men bu mavzuni o‘rganib, qadimgi jamiyatning dunyoqarashi qanday bo‘lganini yaxshi tasavvur qila oldim. Ularning afsonalari hali-hanuz adabiyotlar, filmlar, san’at asarlarida keng qo‘llaniladi.
Vooyant Tools haqida qisqa fikrlarim
Ushbu mavzu bo‘yicha material tayyorlash jarayonida men Vooyant Tools saytiga ham murojaat qildim. Ochiq aytsam, bu saytdan foydalanish menga juda yoqdi. Avvaliga bir oz qiyinchilik bo‘ldi — ba’zi funksiyalarni tushunishimga vaqt ketdi, matn yuklashda ham ikki-uch marta xato qildim. Lekin asta-sekin o‘rganganimdan keyin saytning imkoniyatlari o‘zim o‘ylagandan ham kengroq ekanini bildim.
Matnni tahlil qilish, asosiy so‘zlarni ajratish, diagrammalar orqali ko‘rish imkoniyatlari juda qulay bo‘lib chiqdi. Talaba uchun bunday bepul va foydali vosita juda kerak. O‘zim tayyorlagan postni ham aynan shu sayt orqali yanada yaxshi ko‘ra oldim, hatto ayrim joylarini qaytadan tuzatdim. Umuman olganda, Vooyant Toolsdan foydalanganimdan mamnun bo‘ldim, kelajakda ham boshqa fanlarda ishlatishim mumkin deb o‘ylayman.


Xa
ReplyDeleteUdareyy
ReplyDelete👏🏻👏🏻👏🏻👏🏻
ReplyDelete