"Tonglar sokin edi bu yerda" asari haqida
Umuman, urush oʻz atrofida yaratilgan asarlar koʻlami jihatdan adabiyotda peshqadam mavzu sanaladi. Muvaqqat dunyoning ustunlari qaroridan yuzaga keluvchi bunday sunʼiy ofatlar keltirgan nafi bilan emas, hisobsiz talafotlari bilan tarixga muhrlanadi.
Boris Vasilyevning "Tonglar sokin edi bu yerda" qissasi ham "Ulugʻ Vatan urushi" ning chekka bir hududdagi kichik qoʻshin taqdiriga yetkazgan ayanchli zahmatlari haqidadir.
Asar nomi oʻquvchini hazin tuygʻular sari yetaklab, kulgisi zoʻraki, koʻz yoshlari ogʻir boʻlgan boʻgʻiq muhitga olib kiradi. Dastavval, askar qizlar qatorida kitobxonga ham badqovoq, bir qadar goʻl, tebsa-tebranmas obraz boʻlib tuyulgan Vaskov voqealar silsilasida sayqallanib, oʻz burchini bajarish uchun oʻlimni-da pisand qilmaydigan haqiqiy vatanparvar sifatida gavdalanadi. Yakunda kuch-quvvatining soʻnggi zarralarini yigʻib, hayvon nomini ham ravo koʻrmaydigan nemis askarlarini asirga olishi sevimli qahramonlarning ayanchli oʻlimidan dilgir boʻlgan kitobxonga taskin beradi.
Qiziq holat: urushda dushman tomon barcha razilliklar uyasi sifatida askarlar ongiga singdirilgan. Vaskovning nemislar toʻgʻrisidagi fikri bunga yaqqol dalil. Ular nazdida nemislar inson tugul, hatto hayvon ham emas. Nemis atamasi ham rus tilidagi "немой"(gung, soqov) soʻzidan kelib chiqqanligi buni yana bir karra isbotlaydi.
Remark asarlarini oʻqisangiz ham rus xalqiga boʻlgan cheksiz nafratni his etasiz. Aslini olganda, fanlar ichida eng qiziqarlisi ham, eng ishonchsizi ham shu tarixdir. Bunda faqat sanalargagina ishonish mumkin, xolos.
Umuman, qoʻshinlar Vatan deb jang qiladi, qurbon boʻladi. Lekin Vatan oʻz joyida turibdi. Istilo qilinganda ham Vatan kamayib yoki koʻpayib qolmaydi. Urushga Vatan emas, davlatlar sababchidir, askarlar ham davlat tufayli halok boʻladi. Vatan va davlat tushunchalari esa aslo bir tushunchalar emas...
"Hatto zerikkanda ham nodonlik qilmaslik kerak..." Birgina shu jumla butun asarning yukini koʻtarib tur
gandek..

Malades Shahzoda
ReplyDeleteJuda zoʻr shahzoda
ReplyDeleteYaxshiii
ReplyDeleteMalades Shahzoda
ReplyDelete