Bugun sizlarga Erix Mariya Remark tomonidan yozilgan Uch Ogʻayni asari haquda taasurotlarim bilan boʻlishmoqchiman. Bu asarni oʻqib tugatguncha oʻzim ham tugab boldim 🙂
Asarda asosiy uchhta ya’ni Robert, Kester, Gotfrid – qalin do‘stlar. Bu do‘stlar uzilmas rishtalar bilan bog‘langan. Urushga birga qatnashib, urush orqali hayot nima ekanini yaxshi anglab olgan qahramonlar urushdan so‘ng ham ayrilishmaydi. Bejirimgina ustaxona ochishib, u yerda mashinalarni tuzatish, olib-sotish orqali tirikchilik qilishadi.
Kundan kunga ishsizlik, iqtisodiy inqiroz, qashshoqlik kuchayib borayotgan sharoitda ular shunchaki tirik ekanliklaridan mamnun va hissiz holatda yashayveradi. Urush ularni shunday hissiz va hayotga beparvo, ichkilikka o‘ch qilib qo‘ygandi. Kunlardan bir kun ular Patritsa Holmanni uchratishadi, Robert esa uni sevib qoladi.
Asar ham aynan shu Robert Lokamp tilidan hikoya qilinadi. Patritsa bilan birga Robertning hayotiga yangi hislar, yangi hodisalar kirib kelgandek bo‘ladi. Muhabbatga limmo-lim yuraklar uchun har daqiqa mazmunli o‘ta boshlaydi. Ikki yosh bir qancha ishqiy sarguzashtlarni boshdan kechirishadi. Ammo tez kunda Patritsa Holmanning o‘pkasi jiddiy kasal ekanligini bilib Robert qattiq xafa bo‘ladi.
Qizning bu kasalligiga ham la’nati urush sababchi edi. Yoshligida uzoq vaqt ochlik sababli Pat shunday dardga yo‘liqqandi. Uch og‘ayni birlashib qizni davolatishga, umrini uzaytirishga harakat qilishadi. Birdek tirishadi. Ammo baribir kasallik o‘z ishini qildi. Qiz dunyodan ko‘z yumadi. Ammo uning go‘zal muhabbati, chiroyli va o‘chmas xotirasi Robertning yuragida qoldi.
Bu orada 3 do‘stning biri, eng quvnoq va hazilkash, biroz quv, ammo beg‘ubor Gotfrid ham bir guruh bezorilar tomonidan otib o‘ldirildi. Gotfridning o‘limidan mutaasir bo‘lgan ikki do‘st qotillarning izidan tushadi va o‘ch oladi. Bu o‘ch orqali hovurlari sal bosilgandek bo‘ladi.
Adib asardagi Xosselar oilasi orqali ham jamiyatning og‘riqli nuqtalarini yaqqolroq ochib berishga urinadi. Janob Xosse o‘ta mehnatkash, doimo ishsiz qolishdan qo‘rqib qattiq tirishadigan xodim, vafodor va mehribon er. Ammo uning xotiniga nimadir yetishmaydi. U erining boy emasligidan, hashamatli yashamasligidan noliyveradi. Er-xotin orasidan deyarli har vaqt olamushuk o‘tib turardi. Albatta, bunga davrning, zamonning, ijtimoiy holatning iqtisodiy tangligi katta sabab bo‘lardi.
Oxiri Xosse xonim erini tashlab ketdi. Boy, puldor erkak ketidan ergashdi. Bunga chidolmagan er o‘zini osadi. Ammo bu vaqtda janob Xossening ishxonada amali oshgan, shu bilan birga, maoshi ham ko‘tarilgan, Xosse xonim istagan kunlar kelgandi. U ishsiz qolsam kunimizga yaraydi, deb ancha-muncha pul ham jamg‘argandi. O‘zgalar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lish joniga tekkan, eri bilan o‘tkazgan muhabbatli damlarini qo‘msagan ayol erining vafotidan tushkunlikka tushadi. Boy-badavlat yashash ham vaqti kelsa, insonga baxt berolmasligini, haqiqiy muhabbat o‘rnini bosolmasligini tushunib yetadi. Ammo endi kechligidan o‘kinadi.
Asardagi asosiy g‘oya shuki, muhabbat, do‘stlik, mehr-muhabbat, sadoqat, fidokorlik singari ulug‘ tuyg‘ular hech qachon o‘zgarmaydi, siyqasi chiqmaydi. Inson qalbi bu singari oliyjanob tuyg‘ularga hamisha ehtiyoj sezadi. Ularsiz insonning insonligi qolmaydi. Shu bilan asar haqidagi taassurotlarim tugadi . Sizlargayam asar yoqadi degan umiddaman. Oxirida aytishim kerakki asarda eng achingan insonim bu janob Xasse boʻldi.
🔥🔥🔥🔥
ReplyDeleteOʻqib koʻrish kk ekan
ReplyDeleteHa shunday
ReplyDeleteKursdosh ishlarizga omad
ReplyDeleteBu kitob ham yaxshi yozilgan ekan