Voyant-tools.org haqida😎
Voyant-tools.org saytida ishlaganimdan so‘ng, men ushbu platformaning ko‘plab qulayliklari borligini, ayni paytda ayrim noqulay jihatlari ham mavjud ekanini sezdim. Avvalo, saytning umumiy maqsadi – katta matnlarni avtomatik tahlil qilish, ularni sodda, qisqa va ko‘rinadigan tarzda taqdim etish. Aynan mana shu jihati menga juda yoqdi. Chunki katta hajmdagi matnni o‘qib chiqish har doim ham oson emas, ba’zan vaqt ham bo‘lmaydi. Voyant Tools esa uzun matnni bir necha soniya ichida umumlashtirib berishi bilan menga juda qo‘l keldi.
Shuningdek, saytning interfeysi ham qulay ekan. Men birinchi bor kirganimdayoq qanday ishlashini tez tushundim. Undagi grafik ko‘rinishlar, bulutli so‘zlar (word cloud), statistik jadval va diagrammalar orqali matn tuzilmasini chuqurroq ko‘rish imkoniyati bor. Ayniqsa, matndagi eng ko‘p takrorlangan so‘zlar, iboralar va ularning qisqa sharhi meni anchagina qiziqtirdi. Shuning uchun ilmiy yoki o‘quv jarayonlarida tezkor tahlil qilish uchun bu sayt juda qo‘l keladi.
Yana bir yaxshi tomoni – dastur ochiq manbali va bepul. Ko‘plab funksiyalar pul talab qilmaydi, hamma uchun ochiq. Masalan, matnni raqamli formatda kiritish, uni avtomatik qayta ishlash, ma’lumotlarni diagramma ko‘rinishida olish – bularning hammasi tekin. Bu esa qolgan ko‘plab pullik tahlil dasturlaridan ustun jihatlardan biri deb o‘ylayman.
Ammo men uchun qulay bo‘lgan bu jihatlardan tashqari, ayrim kamchiliklar ham ko‘zimga tashlanmay qolmadi. Eng katta kamchiligi – matnni haddan tashqari qisqartirib yuborishi. Masalan, men joylagan matnnning mazmuni ba’zida juda soddalashtirib yuboriladi va asosiy g‘oyalar yetarlicha aks etmay qoladi. Ya’ni, sayt matndan faqat eng asosiy uch-to‘rt so‘zni olib, ular asosida umumlashtirish qiladi. Bu jarayonda ayrim muhim fikrlar tushib qolishi mumkin. Menimcha, ilmiy matn yoki yozma tahlil uchun bu ba’zan yetarli bo‘lmaydi.
Yana bir salbiy tomoni – ba’zi funksiyalar ingliz tiliga ko‘proq moslashtirilgan. O‘zbek tilidagi matnlarda doimo aniq natija beravermaydi. So‘zlarning kelishiklari, qo‘shimchalari yoki iboralar noto‘g‘ri hisoblanishi mumkin. Shu sababli ayrim statistikalar to‘liq chiqmaydi. Bu menga biroz noqulaylik tug‘dirdi.
Bundan tashqari, sayt internetga bog‘liq holda ishlaydi. Ya’ni internet sifati past bo‘lsa, matn yuklanishi yoki tahlil qilinishi sekinlashadi. Ayrim hollarda sahifa qayta yuklanib ketishi ham mumkin. Bu esa vaqtni olib qo‘yadi va ish jarayonini sekinlashtiradi.
Umuman olganda, Voyant Tools matnni tez tahlil qilish, undagi asosiy elementlarni ko‘rish, umumiy mazmunni tushunish uchun juda foydali vosita. Ammo chuqur ilmiy tahlil, aniq mazmuniy chiqishlar yoki murakkab matnlar bilan ishlaganda ba’zan cheklangan. Shunday bo‘lsa-da, men uchun bu sayt o‘zining soddaligi, tezkorligi va bepul imkoniyatlari bilan juda qulay bo‘lib qoldi.
Umuman olganda yaxshi sayt foydali ish koyfisetti bor qisman albatta. Qiziqgan savollaringiz va izohlaringizni kutib qolamiz. Muallif: Uchqunbek G'ulomov. E'tiboringiz uchun tashkkur!!!
Comments
Post a Comment