Bugungi kunda matnlarni chuqur tahlil qilish, ularning ichki tuzilmasini ko‘rish yoki katta hajmdagi ma’lumotlardan xulosa chiqarish juda muhim bo‘lib qoldi. Men o‘zim ilmiy ishlarimda turli elektron vositalardan foydalanaman va ular ichida eng qulayi — Voyant Tools deb ayta olaman. Voyant Tools bu onlayn matn tahlili platformasi bo‘lib, foydalanuvchiga hech qanday dastur o‘rnatmasdan turib, istalgan matnni chuqur analiz qilish imkonini beradi. Asosiysi, sayt bepul va hamma uchun ochiq.
Voyant Tools menga eng yoqqan tomoni — uning sodda interfeysidir. Saytga kirib, “Upload” tugmasi orqali matn joylaysiz yoki internetdagi istalgan havolani qo‘shishingiz mumkin. Bir necha soniya ichida tizim matningizni qayta ishlaydi va oldingizga turli oynalar orqali statistik ma’lumotlarni chiqarib beradi. Masalan, qaysi so‘zlar ko‘p takrorlanganini, matnning umumiy uzunligini, o‘rtacha gap strukturasini, asosiy mavzu atamalarini ko‘rsatib beradi. Bu ayniqsa ilmiy maqola, blog post, kurs ishi yoki referat tayyorlayotganimda juda asqatadi.
Saytning eng mashhur funksiyalaridan biri — Cirrus, ya’ni so‘z buluti. Bu yerda matnda eng ko‘p uchragan so‘zlar vizual tarzda kattaroq qilib ko‘rsatiladi. Bu menga matnning asosiy yo‘nalishini bir zumda tushunishga yordam beradi. Yana bir foydali vosita — Trends. Unda muhim so‘zlar matnning qaysi qismida ko‘p ishlatilgani grafik shaklida ko‘rsatiladi. Shu orqali matnning qaysi bo‘limi qaysi mavzuga ko‘proq urg‘u berganini bilib olaman.
Shuningdek, Voyant Tools’da Summary, Reader, Contexts, Correlations kabi qo‘shimcha imkoniyatlar ham bor. Summary bo‘limi matnning umumiy statistik ko‘rinishini beradi: so‘zlar soni, gaplar soni, takroriylik darajasi va boshqalar. Contexts esa biror so‘z matnda qayerda kelgani va uning atrofidagi so‘zlar qandayligini ko‘rsatadi. Bu ilmiy matnlarda so‘zning haqiqiy ma’nosini aniqlashda juda qo‘l keladi.
Voyant Tools’ni ishlatganimda menga yoqqan yana bir narsa — hamma natijalarni bir zumda yuklab olish yoki skrinshot qilish imkoniyati. Agar prezentatsiya qilayotgan bo‘lsam yoki o‘qituvchimga ko‘rsatishim kerak bo‘lsa, shu grafiklar juda chiroyli ko‘rinadi. Statistik ma’lumotlar avtomatik tarzda tayyor bo‘lgani uchun vaqt ham ancha tejaydi.
Umuman aytganda, Voyant Tools — matn bilan ishlaydigan har qanday odamga kerak bo‘ladigan vosita. Talabalar, blogerlar, tadqiqotchilar, hatto o‘qituvchilar ham undan birdek foydalanishi mumkin. O‘z tajribamda ayta olamanki, bu sayt matn tahlilini osonlashtiradi, aniq ma’lumot beradi va eng muhimi, ishlatish jarayoni juda qulay. Shuning uchun har doim matn ustida ishlayotganda birinchi bo‘lib shu saytdan foydalanaman.

Shapaloqlar boʻlsin 👏🏻👏🏻
ReplyDelete